TASHKENT  URBAN FORUM 2025

2024-yilgi Toshkent shahar forumi: Shahar kelajagini qayta anglash

Dunyoning koʻplab yirik shaharlari kabi, Oʻzbekiston shaharlari ham bir qator jiddiy muammolarga duch kelmoqda: tartibsiz qurilish, meʼmoriy oʻziga xoslikning yoʻqolishi, aholi sonining oʻsishi va infratuzilmaga tushadigan yuk, yashil hududlarning yetishmasligi, havo ifloslanishi va jamoat transportining yetarli darajada rivojlanmaganligi.

Toshkent yana shahar muhitini oʻzgartirish boʻyicha eng muhim munozaralar markaziga aylandi. 27-fevral kuni boʻlib oʻtgan ikkinchi Toshkent urban-forumi ushbu muammolarga birgalikda yechim topish maqsadida ekspertlar, meʼmorlar, shaharsozlar, davlat sektori va biznes vakillarini bir joyga toʻpladi.

Forum Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda TBC Bank bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Oʻtgan yilgi forum nafaqat meʼmorlar va shaharsozlar, balki aholi, tadbirkorlar, davlat tuzilmalari oʻrtasida ham ushbu masalalarga qiziqish yuqori ekanligini koʻrsatdi. Bu dolzarb muammolarni muhokama qilish, yechimlar izlash va eng yaxshi amaliyotlar bilan almashish uchun har yillik platforma zarurligini tasdiqlaydi,“ — dedi Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi raisi Taxmina Turdialiyeva.

Bu yilgi forumning asosiy eʼtibori Oʻzbekistonning qulay va oʻziga xos shaharlarini yaratishga qaratildi. Ishtirokchilarning fikriga koʻra, shahar muhiti nafaqat funksional, balki psixologik va ijtimoiy jihatdan ham qulay boʻlishi lozim.

Xususan, nafaqat zamonaviy, balki yashash uchun qulay boʻlgan shaharlarni yaratish, ularning oʻziga xosligini va iqtisodiy jozibadorligini saqlab qolish jihatlari muhokama qilindi.

Forum kun tartibida shahar muhitining inklyuzivligi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish va shaharlarni barqaror rivojlantirish masalalari ham oʻrin oldi. Ekspertlar, tadbirkorlar, davlat tuzilmalari va ilmiy hamjamiyat vakillari inklyuziv makonlarni yaratish, yangi texnologiyalarni joriy etish va shahar muhitining investitsiyalarni jalb qilish hamda ish oʻrinlarini yaratishga taʼsiri boʻyicha kompleks yondashuvlarni koʻrib chiqdilar.

Muhokamaning asosiy yoʻnalishlaridan biri yashil hududlarni shahar muhitiga qoʻshish boʻldi. Xususan, tabiat va urbanizatsiyaning uygʻunligi namunasi boʻla oladigan ekologik barqaror va qulay hududlar — “yashil mahallalar” tashabbusi taqdim etildi.

Forum shaharsozlik sohasidagi taniqli mutaxassislar va yosh ekspertlarni birlashtirdi, bu esa mahalliy salohiyatni ochib berish va shahar muhitini rivojlantirishda yangi yetakchilarni aniqlash imkonini berdi.

Asosiy maʼruzachilar orasida Zaha Hadid Architects yetakchi meʼmori Yevgeniya Pozigun, Meʼmors meʼmorlik byurosi hammuassisi Sardor Sodiqov, TataLAB meʼmor-shaharsozlik byurosi meʼmori Aziz Hakimov, Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi direktori Ranay Utkelbayeva bor edi. Shuningdek, Jahon banki, GIZ va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari oʻz bilim va tajribalarini baham koʻrdilar.

Forum doirasida, shuningdek, Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi tomonidan TBC Bank bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Salom, shahar!” tanlovi finalchilari loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi. Tanlov shahar muhitida reklamani joylashtirish, uni yanada goʻzalroq qilish uchun innovatsion yechimlarni topishga qaratilgan. Eng yaxshi loyihalar yaqin kelajakda amalga oshirilishi kutilmoqda, bu esa shaharning uygʻun qiyofasini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.